2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a)quyidagi strategik maqsadlarga erishishga mo‘ljallangan 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq:

issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;

sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;

yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy etish;

yiliga 200 million ko‘chat ekish va ko‘chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;

respublika o‘rmon fondi zaxiralari ko‘rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;

hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish;

b) Sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 2-ilovaga muvofiq;

v) 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar rejasi) 3-ilovaga muvofiq;

g) 25 ta korxona va tashkilotda ishlab chiqarilgan mahsulotning energiya sig‘imi ko‘rsatkichini 2026 yilga kelib 2022 yilga nisbatan 20 foizga kamaytirishga qaratilgan 2022–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli parametrlar) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Energetika vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Maqsadli parametrlarga erishishga qaratilgan 2022–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Quyidagilar:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi – “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va “yashil” o‘sish tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari tashlanmalarini qisqartirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ;

Energetika vazirligi – “yashil” energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini keng joriy qilish, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning energiya sig‘imini kamaytirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilansin.

4.Belgilansinki:

a) 2023 yil 1 iyundan boshlab mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga ta’sirni cheklash bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi;

b) quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022–2026 yillarda issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasi bosqichma-bosqich yaratiladi:

issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan hisobga olish va ularning davlat kadastrini yuritish;

uglerod birliklarining reyestrini shakllantirish va yuritish;

iqtisodiyot tarmoqlari kesimida issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilash;

issiqxona gazlarining chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

v) 2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha issiqxona gazlarini qamrab oluvchi Iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) yo‘lga qo‘yiladi;

g) iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirishdan oldingi bosqichlarda ularning issiqxona gazi hajmini qisqartirish imkoniyati baholanib, loyihalar natijasida qisqartirilgan issiqxona gazi hajmi sertifikatlashtiriladi va tashqi bozorlarga yo‘naltiriladi;

d) 2024 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan, quvvati 1 MVtdan yuqori bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida ushbu stansiyalarning o‘rnatilgan quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi majburiy tartibda joriy etiladi;

ye) tarmoq va hududiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish doirasida tarmoqlar va hududlarning iqlim o‘zgarishiga nisbatan sezuvchanligi xususiyatlaridan kelib chiqib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish hamda unga moslashish chora-tadbirlari va investitsiya loyihalari qamrab olinadi;

j)Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:

Parij bitimining (Parij, 2015 yil 12 dekabr) 6-moddasiga muvofiq, Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ (milliy organ) hisoblanadi;

xalqaro va respublika darajasida issiqxona gazi savdosini (Emission Trade System – ETS, Joint Credit Mechanism – JCM va boshqalar) tartibga solish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ sifatida ishtirok etadi;

z) barqaror “yashil” iqtisodiy o‘sish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga doir, xususan, issiqxona gazi tashlanmalari miqdoriga ta’sir qiluvchi loyihalar va chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.

5. O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo kengash) 5-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 2019–2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya), Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq hajmda bajarilishini ta’minlash, shuningdek, ularning o‘z vaqtida bajarilishini tizimli nazorat
qilish;

har chorakda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini tinglash;

doimiy monitoring asosida Strategiya doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida mas’ul tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish choralarini ko‘rish.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, xalqaro moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlarning:

Donorlarning muvofiqlashtirish guruhiни 6-ilovaga muvofiq tarkibda;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida qo‘shimcha 4 ta shtat birligidan iborat Texnik kotibiyatni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Belgilansinki:

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va “yashil” o‘sish borasida faoliyat olib boruvchi xalqaro moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlarning texnik ko‘mak, tahlil qilish va salohiyatni oshirish bo‘yicha faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish Donorlarning muvofiqlashtirish guruhining asosiy vazifasi hisoblanadi;

Texnik kotibiyat Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi ishchi organi vazifasini bajaruvchi loyiha ofisi hisoblanadi.

7. Belgilansinki, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uni rivojlantirishda barcha tomonlarning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish borasida:

Idoralararo kengash Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasining amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha vazirlik va idoralarning ishini samarali tashkil etishni ta’minlaydi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Idoralararo kengashning ishchi organi hisoblanib, ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik
va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab borish, texnik va moliyaviy ko‘mak jalb etish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish manbalarini shakllantirishga ko‘maklashadi;

Texnik kotibiyat Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi faoliyatini tashkil qiladi, Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda uni Idoralararo kengash bilan o‘zaro muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi.

8. Gidrometeorologiya xizmati markazi va Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Respublika bo‘ylab quyosh, shamol va biogaz energiyasi resurslari bo‘yicha innovatsion ma’lumotlar bazasini shakllantirsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:

a) ikki oy muddatda Texnik kotibiyat va idoralararo ishchi guruhlarni tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar, Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi reglamentini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Idoralararo kengashga kiritsin.

Bunda, Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi reglamentida:

uning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish;

iqlim o‘zgarishi va “yashil” o‘sish bo‘yicha xalqaro moliyaviy institutlar hamda rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlarning harakatlari o‘zaro takrorlanishini bartaraf etish va oldini olish;

iqlim o‘zgarishi va “yashil” o‘sish masalalari bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilsin;

b) Energetika vazirligi, Moliya vazirligi va xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “yashil sertifikatlar” tizimi 2023 yil 1 iyundan boshlab joriy etilishini ta’minlasin;

v)Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan birgalikda Iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) 2024 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin;

g) Moliya vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, sanoat korxonalarida ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini (ESG) joriy qilishni jadallashtirishni ko‘zda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022–2026 yillarda issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasi yaratilishini ta’minlasin, shuningdek, 2023 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasining “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ye) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ikki oy muddatda yirik sanoat korxonalari tegishli boshqaruv organlarida quyidagilar tasdiqlanishini muvofiqlashtirsin:

yirik ishlab chiqarish korxonalarida quvvatlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish orqali energiyani tejash, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha texnik siyosatni ishlab chiqib, uning ko‘rsatkichlarini yillik biznes-rejalarga kiritish bo‘yicha tegishli boshqaruv qarorlari;

ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) birligiga sarflanadigan yoqilg‘i-energiya resurslarining me’yorlarini aniqlaydigan, tarmoqlar kesimidagi uslubiyot va yo‘riqnomalar.

10.Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyilini to‘liq joriy etish, shuningdek, ifloslanish uchun belgilangan yig‘im stavkasini oshirish va ifloslantiruvchi moddalar ro‘yxatini kengaytirish orqali atrof-muhit ifloslanishi uchun yig‘im tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili 1 dekabrga qadaryashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarning maqsadli dasturlarini Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashiga tasdiqlash uchun kiritib borsin hamda ushbu sohada quyidagilarga alohida e’tibor qaratsin:

“yashil” iqtisodiyot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borish;

iqtisodiyot tarmoqlarida “yashil” texnologiyalar, xususan, resurs tejovchi, chiqindisiz ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatini beruvchi texnologiyalarni va xavfsiz kimyoviy moddalarni qo‘llashga o‘tish hamda qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish;

istiqbolli innovatsion ishlanmalar va “startap” loyihalarni amalga oshirish hamda ularni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash.

Belgilab qo‘yilsinki, maqsadli dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida, shuningdek, Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

12.Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

13. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi apparati Geologiya, kon-metallurgiya sohalari va sanoatni rivojlantirish masalalari departamenti tuzilmasiga Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi apparatining bo‘sh shtat birligi hisobiga bosh mutaxassis lavozimi kiritilsin.

14. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi belgilansin:

vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar – har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Harakatlar rejasi hamda tarmoqlar kesimidagi resurs tejash dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini idoralararo muvofiqlashtiradi, har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar ushbu qaror bilan belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi to‘g‘risida umumlashgan tahliliy ma’lumotlarni Idoralararo kengashga kiritadi;

Idoralararo kengash har chorak yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ma’lumot kiritadi.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va J.T.Mirzamahmudov belgilansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                       Sh.MIRZIYOEV                

 

Toshkent shahri,

2022 yil 2 dekabr

Foydali resurslar